Tabiiy fanlar Ijtimoiy-gumanitar fanlar

MARKAZIY O‘ZBEKISTONNING TOG‘LI HUDUDLARIDA GEOMETRIDAE (LEPIDOPTERA) OILASI KAPALAKLARINING FAUNASI

Geometridae, Lepidoptera, kapalaklar faunasi, tog‘ ekotizimlari, Markaziy O‘zbekiston, balandlik bo‘yicha tarqalish, biologik xilma-xillik.

Mualliflar

Geometridae (Lepidoptera) oilasi kapalaklarning eng xilma-xilligi yuqori bo‘lgan oilalardan bo‘lib, quruqlik ekotizimlarida bioindikatorlar hamda trofik tarmoqlarning muhim tarkibiy qismi sifatida katta ahamiyatga ega. Markaziy O‘zbekistonning tog‘ ekotizimlari murakkab relefi, yaqqol ifodalangan balandlik mintaqalanishi va o‘simlik qoplamining xilma-xilligi bilan tavsiflanib, geometridae oilasi kapalaklari faunasining boy shakllanishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shunga qaramay, ushbu hududlarda Geometridae oilasi vakillarining kompleks faunistik tadqiqotlari yetarli darajada olib borilmagan. Mazkur tadqiqot Markaziy O‘zbekistonning tog‘li hududlarida Geometridae oilasiga mansub kapalaklarning tur tarkibi, taksonomik tuzilishi va tarqalish xususiyatlarini o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqot natijasida 4 kenja oila (Ennominae, Geometrinae, Larentiinae va Sterrhinae), 17 avlodaga mansub 20 tur geometridae oilasi kapalaklari qayd etildi. Ennominae va Larentiinae kenja oilalari turlar soni bo‘yicha ustunlik qilgan bo‘lsa, Geometrinae va Sterrhinae vakillari nisbatan kamroq bo‘lishiga qaramay, ekologik jihatdan muhim ahamiyatga ega ekanligi aniqlandi. Turlarning tarqalishi balandlik mintaqalari va biotop turlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, eng yuqori xilma-xillik o‘rta tog‘ mintaqasida kuzatildi. Qayd etilgan turlarning aksariyati Palearktika faunistik majmuasiga mansub bo‘lib, ayrim turlar Markaziy Osiyo tog‘ hududlariga xos hisoblanadi.