Tabiiy fanlar

PHLOMIDES ISOCHILA (IM-1) EKSTRAKTINING IZOLATSIYALANGAN AORTA SILLIQ MUSKULLARIGA VAZORELAKSANT TA’SIRI.

Phlomides isochila, fenilefrin KCl, dorivor, sintetik, ekstrakt, izolyatsiyalangan, vazorelaksant

Mualliflar

Mazkur tadqiqotda Phlomides isochila (IM-1) o‘simligi ekstraktining izolatsiyalangan aorta silliq muskullariga ko‘rsatadigan farmakologik ta’siri o‘rganildi. Tadqiqot yurak-qon tomir tizimi faoliyatini boshqarishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qon tomir silliq muskullarining qisqarish va bo‘shashish mexanizmlarini baholashga qaratildi. Eksperimental ishlar izolatsiyalangan aorta preparatlarida olib borilib, silliq mushaklarning funksional holati klassik farmakologik agonistlar yordamida baholandi. Aorta silliq muskullarining qisqarishi yuqori konsentratsiyali KCl yordamida chaqirildi. KCl membrananing depolyarizatsiyasini yuzaga keltirib, voltajga bog‘liq kalsiy kanallarining ochilishiga va hujayra ichiga Ca²⁺ ionlarining kirib kelishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, fenilefrin yordamida α₁-adrenoretseptorlar orqali yuzaga keladigan retseptor-vositali qisqarishlar ham induksiya qilindi. Ushbu ikki model qon tomir silliq mushaklarining turli fiziologik mexanizmlarini baholash imkonini berdi. Tajriba davomida KCl va fenilefrin yordamida barqaror qisqarish hosil qilingach, IM-1 ekstrakti turli konsentratsiyalarda qo‘llanildi. Olingan natijalar IM-1 ekstrakti har ikkala modelda ham aorta silliq muskullarining sezilarli darajada bo‘shashishiga olib kelganini ko‘rsatdi. Bu holat ekstraktning kalsiy ionlari oqimini cheklashi, silliq mushak tonusini pasaytirishi hamda vazorelaksant ta’sir mexanizmlariga ega ekanligini ko‘rsatadi.Shunday qilib, Phlomides isochila (IM-1) ekstrakti kuchli vazorelaksant xususiyatga ega bo‘lib, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda yangi o‘simlik asosidagi farmatsevtik preparatlar yaratish uchun istiqbolli manba sifatida qaralishi mumkin.